

2026-yil 28-mart kuni Xiva shahrida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida ichki turizm yarmarkasi yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir qadimiy va tarixiy maskan — Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi Matniyoz Devonbegi madrasasida o‘tkazildi. Yarmarkada Xiva turizm va madaniy meros texnikumi o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ham faol ishtirok etishdi.
Yarmarka davomida hududning boy turizm salohiyati keng namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarga mamlakatimizning turli hududlaridagi sayyohlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Turoperatorlar va mehmonxonalar tomonidan taqdim etilgan xizmatlar, tur paketlari hamda zamonaviy mehmonxona servisining imkoniyatlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbir doirasida milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda qadimiy an’analar asosida yaratilgan qo‘l mehnati mahsulotlari keng namoyish qilindi. Bu esa milliy merosimizning boyligi va o‘ziga xosligini yana bir bor tasdiqladi.
Yarmarka davomida madaniy chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiqlar hamda an’anaviy ko‘rgazmali dasturlar tashkil etilib, tashrif buyuruvchilarga yuqori kayfiyat ulashildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ichki turizmni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sayohat madaniyatini keng targ‘ib qilish, turizm infratuzilmasini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.